Bolalar Ijodkorligi Ijodiy Birlashmasi UPOP TREND milliy shou-tanlovi kastingi ishtirokchilaridan nimalarni kutayotganini maʼlum qildi. Kutilmalar «Siz trenddasiz» va «Siz trendda emassiz» degan qisqa qoidalar shaklida bayon etilgan.

Birinchi qoida ijro haqida. Qoʻshiqni texnik jihatdan toʻgʻri, ammo hissiyotsiz kuylash yetarli emas: kastingda betakror xarakterga ega boʻlgan va qoʻshiqning taʼsirchanligini tinglovchiga yetkaza oladigan ijrochilar kutiladi.

Milliylikni faqat anʼanaviy libos yoki tashqi koʻrinish bilan ifodalash ham kamlik qiladi. Tashkilotchilar milliy ruhni oʻz uslubi, xarakteri va dunyoqarashi orqali namoyon eta oladigan ishtirokchilarni izlamoqda.

Milliy-madaniy merosga faqat oʻtmish sifatida qarash loyiha ruhiga mos kelmaydi. Ajdodlardan qolgan qadriyat va anʼanalarni yangi avlodga mos tarzda qayta talqin qila olish esa UPOP TREND ishtirokchisining asosiy fazilatlaridan biri hisoblanadi.

Nihoyat, xato qilishdan qoʻrqish va hakamlar qarshisida tortinish ortda qolishi kerak. Kastingda tavakkal qilishga, tajribalar oʻtkazishga va sahnani «yondirishga» tayyor ishtirokchilar kutilmoqda.

UPOP TREND milliy musiqiy meros, folklor sanʼati va anʼanaviy raqslarni zamonaviy musiqa, yuqori texnologiyalar va moda bilan birlashtiradigan shou-tanlovdir. Loyiha Bolalar Ijodkorligi Ijodiy Birlashmasi tomonidan yoʻlga qoʻyilmoqda.